Pokiston 27-fevralga o‘tar kechasi Afg‘oniston hududiga aviazarba berdi. Bu haqda DW ma’lum qildi. Zarba Kobul, Paktia va Qandahor viloyatlaridagi nishonlarga yo‘naltirilgan.
Pokiston mudofaa vaziri Xovaja Asif vaziyat “ochiq urush” bosqichiga o‘tganini bildirdi. Axborot vaziri Attaulla Tarar esa zarbalarni tasdiqladi.
Bosh vazir Shahboz Sharif mamlakat armiyasi har qanday tahdidga javob berishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, jamiyat qurolli kuchlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda.
O‘tgan hafta ham Pokiston tungi zarbalar bergan edi. Tolibon kamida 18 kishi, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Islomobod esa jangarilar lagerlari nishonga olinganini bildirdi.
26-fevral kuni tolibon kuchlari chegara postlariga keng ko‘lamli hujum qilganini aytdi. Ular ko‘plab pokistonlik harbiylar o‘ldirilganini da’vo qildi. Pokiston esa hozircha ikki askar halok bo‘lganini tasdiqladi.
So‘nggi oylar davomida Kobul va Islomobod o‘rtasidagi aloqalar keskin yomonlashdi. Pokiston Afg‘onistondagi Tolibon hukumatini o‘z hududida teraktlar uyushtirayotgan guruhlarga qarshi kurashmayotganlikda ayblamoqda. Tolibon bu ayblovlarni rad etadi.
Qaynoq24.uz Afg‘onistonda Pokiston zarbalaridan 10 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

