Toshkent va Andijon viloyatlarida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning Zangiota tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.X. ushlangan. U xorijda ishlab chiqarilgan 929 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 30 mln so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Uning yonidan yana 253 dona shunday dori vositasi ashyoviy dalil sifatida musodara qilingan.
Andijon shahrida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbir davomida fuqarolar G.S. va R.R. ham ushlangan. Ma’lum bo‘lishicha, ular o‘zaro til biriktirib 10 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 1 mln so‘mga sotayotgan paytda qo‘lga olingan.
Tadbir davomida fuqaro G.S.ning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, yana 59 dona “Regapen” dori vositasi topilib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Toshkent va Namanganda kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi fosh etilgani haqida yozgan edi.

