Shveysariyaning g‘arbida avtobusda yuz bergan yong‘in oqibatida kamida olti kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy politsiya ma’lum qildi.
Hodisa 11-mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:25 atrofida Fribur kantonidagi Kerzers shaharchasi markazida sodir bo‘lgan. Bu hudud poytaxt Bern shahridan taxminan 20 km uzoqlikda joylashgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, avtobus birdaniga alanga ichida qolib ketgan. Oqibatda transport vositasi deyarli to‘liq yonib ketgan.
Politsiya kamida uch kishi kasalxonaga olib ketilganini ma’lum qildi. Qutqaruv ishlarida qatnashgan xodimlardan biri ham jarohat olgani aytilmoqda. Yong‘in sababi hozircha noma’lum. Huquq-tartibot organlari hodisa qasddan sodir etilgan bo‘lishi mumkinligini ham tekshirmoqda. Ba’zi xabarlarga ko‘ra, hodisa vaqtida bir shaxs o‘ziga benzin sepgan bo‘lishi mumkin. Biroq rasmiylar bu ma’lumotni hozircha tasdiqlamagan.
Qaynoq24.uz Kolumbiyada maktab avtobusi ishtirokidagi avariyada 17 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

