Eron sport va yoshlar vaziri Ahmad Donyamali mamlakat futbol terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatida ishtirok eta olmasligini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Vazirning aytishicha, mamlakatdagi xavfsizlik vaziyati sabab jamoaning turnirda qatnashishi uchun sharoit mavjud emas. U “bunday sharoitda jamoamiz xavfsiz emas” deb ta’kidlagan. 2026-yilgi mundial 2026 FIFA World Cup AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkaziladi. Turnir 11-iyun kuni boshlanadi.
Rejaga ko‘ra, Eron terma jamoasi guruh bosqichida Yangi Zelandiya, Belgiya va Misrga qarshi o‘ynashi kerak edi. Uchrashuvlar Los-Anjeles va Sietl shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Biroq so‘nggi haftalarda Yaqin Sharqda keskinlik kuchaydi. AQSh va Isroil Eron hududiga zarba bergani, natijada mamlakatning oliy rahbari Ali Homanaiy halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Shundan so‘ng Eron Isroil va AQSh harbiy bazalari joylashgan hududlarga raketa va dronlar bilan javob zarbalari bergan.
Eron futbol federatsiyasi rahbari Mehdi Taj ham jamoaning turnirga borishi masalasini shubha ostiga qo‘ydi. U ayollar terma jamoasi futbolchilarining xavfsizlik sabab boshqa davlatlardan boshpana so‘raganini eslatdi.
Agar Eron mundialdan voz kechsa, FIFA qoidalariga ko‘ra uning o‘rnini boshqa jamoa egallashi mumkin. Mutaxassislar bu o‘rin uchun Iroq yoki BAA kabi Osiyo jamoalari nomzod bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

