O‘zbekistonda elektr energiyasi, gaz va boshqa tarmoqlardan noqonuniy foydalanish uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Hujjatga ko‘ra, Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Yangi tartibga muvofiq, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olish yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzgan fuqarolar uchun jarima miqdori oshiriladi. Endilikda fuqarolarga BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 25 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Amaldagi tartibda esa fuqarolar uchun jarima BHMning 10–15 baravari, mansabdor shaxslar uchun 20–25 baravari etib belgilangan. Shuningdek, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadida noqonuniy ulanish ham alohida javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunday holatda BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, agar shaxs ushbu qoidabuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin yana takrorlasa, u BHMning 30 baravaridan 75 baravarigacha jarima, 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Qaynoq24.uz aviatsiya dispetcherlari uchun tibbiy ko‘rik talabi bekor qilinishi haqida yozgan edi.

