Jizzax viloyatining Zarbador tumanida haydovchilik guvohnomasini olib berish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, “Vatanparvar” tashkilotining Jizzax viloyati texnika va amaliy sport turlari markazi sobiq rahbari Sh.X. hamda sobiq avtomobil boshqarish ustasi N.X. o‘zaro til biriktirgan. Ular fuqaro M.A.ga avtomaktabni bitirgani haqida hujjat olib berish va imtihonlardan o‘tkazib qo‘yishni va’da qilgan.
Gumonlanuvchilar ushbu xizmat evaziga fuqarodan 13 mln so‘m va $500 pulni firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan. Ularning har ikkisi ham ilgari sudlangan bo‘lgani qayd etildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Sirdaryoda 2,9 mlrd so‘mlik kredit talon-toroj qilingani haqida yozgan edi.

