O‘zbekistonda noqoununiy oltin savdosiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta yirik qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda DXX ma’lum qildi.
Buxoro viloyatida ikki nafar fuqaro 110 gramm oltin quymani $17 mingga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Ekspertiza natijasiga ko‘ra, ushbu oltinning qiymati 209,7 mln so‘mni tashkil etgan. Tergov davomida oltinni eritib bergan shaxsning uyidan maxsus uskunalar, gaz ballonlari va kimyoviy moddalar topildi.

Farg‘ona viloyatida esa Toshkent xalqaro aeroportida xorijiy fuqaro qo‘lga olindi. U 226 gramm og‘irlikdagi, qiymati 290,5 mln so‘mlik oltin buyumlarni yashirin olib o‘tmoqchi bo‘lgan. Yana bir holat Andijon viloyatida aniqlangan. Fuqaro Qirg‘izistondan kirib kelayotganda 241 gramm oltin buyum bilan ushlangan. Ularning qiymati taxminan 400 mln so‘mga baholanmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur buyumlar Turkiyadan olib kelingan va sotish uchun mo‘ljallangan. Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangani haqida yozgan edi.

