Toshkent shahrida yirik narkolaboratoriya faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lum qildi.
Tezkor-qidiruv tadbirlari Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazildi. Natijada Sergeli tumanidagi xonadonda noqonuniy laboratoriya aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, 2003-yilda tug‘ilgan Chinozlik fuqaro ushbu xonadonni ijaraga olib, narkolaboratoriya tashkil etgan. U yerda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar tayyorlangan.
Tadbir davomida 3,5 kg “Pregabalin” moddasi aniqlangan. Uning umumiy qiymati 4,5 mlrd so‘mga teng. Shuningdek, 20 litr suyuq va 25 kg kukun ko‘rinishidagi prekursorlar ham musodara qilingan. Ularni tayyorlash va qadoqlash uskunalari ham topilgan.
Laboratoriyada kimyogar sifatida ishlagan yana bir shaxs ham qo‘lga olingan. U ham Chinoz tumanidan ekani aniqlangan. Dastlab ular “Telegram” orqali faoliyat yuritgan narkodo‘konda “kladmen” bo‘lib ishlagan. Keyinchalik jinoiy guruh ishonchini qozonib, moddalarni ishlab chiqarishga jalb qilingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz Sirdaryoda noqonuniy dori savdosi aniqlangani haqida yozgan edi.

