AQSh harbiy-dengiz kuchlari Fors ko‘rfazida Eron bayrog‘i ostida harakatlangan yuk kemasini to‘xtatib, nazoratiga oldi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi.
Uning aytishicha, “Touska” nomli kema ogohlantirishga qaramay to‘xtamagan. Shundan so‘ng AQSh kemani majburan to‘xtatgan va uni egallab olgan. Prezident kema ilgari noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgani sababli sanksiyalar ostida bo‘lganini ta’kidladi.
Eron tomoni bu holatni sulh shartlarini buzish deb baholadi. Rasmiy Tehron AQSh harakatlarini “qurolli qaroqchilik” deb atab, tez orada javob berishini bildirdi. Mazkur voqea AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlik fonida yuz bermoqda. Tomonlar avvalroq muzokaralar o‘tkazgan edi, biroq kelishuvga erishilmagan. Yangi muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, Tehron blokada davom etayotgan paytda unda qatnashmasligini bildirgan.
Shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat ham keskinligicha qolmoqda. Bu hudud orqali dunyo neftining qariyb 20 foizi tashiladi. Mojaro sabab bu yo‘nalishda harakat kamayib, global energiya narxlari oshgani qayd etilmoqda. AQSh tomoni esa Eronni muzokaralarga majburlash uchun blokada davom etishini bildirgan. Vaziyat yaqin kunlarda yanada keskinlashishi mumkin.
Qaynoq24.uz AQSh Hormuz bo‘g‘ozida Eron kemasini to‘xtatgani haqida yozgan edi.

