O‘zbekiston fuqarolari ID karta (pasport) olish yoki uni almashtirish uchun arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborishi mumkin. Qaynoq24 o‘z o‘quvchilariga bu amaliyotni tushuntiradi.
Xizmatdan foydalanish uchun ariza beruvchi portalda ro‘yxatdan o‘tishi yoki shaxsiy kabinet orqali avtorizatsiyadan o‘tishi kerak. Ariza yuborish jarayoni taxminan 5 daqiqa vaqt oladi. Xizmat ko‘rsatish muddati 1 ish kuni etib belgilangan. Yagona portal orqali ariza topshirilganda davlat boji 330 012 so‘mni tashkil qiladi. Bu 0,801 BHMga teng.
Ushbu xizmatdan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti yoki ID kartasiga ega bo‘lgan shaxslar foydalanishi mumkin. Shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham yashash guvohnomasi yoki O‘zbekiston Respublikasida yashash ID kartasi asosida murojaat qilishi mumkin.

Ariza yuborilgach, fuqaro ma’lumotlarni yig‘ish punktiga borishi kerak. Bunday punktlar ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida yoki ayrim davlat xizmatlari markazlarida joylashgan bo‘ladi.
U yerda ariza beruvchining biografik ma’lumotlari tizimga kiritiladi. Shuningdek, elektron shaklda qo‘l barmoq izlari olinadi va shaxsning old tomondan raqamli surati tushiriladi. Ushbu jarayon ID kartani rasmiylashtirish uchun majburiy bosqich hisoblanadi.
Xizmatdan foydalanish tartibi quyidagicha: avval fuqaro YIDXPga kiradi, ro‘yxatdan o‘tadi yoki shaxsiy kabinet orqali tizimga kiradi. Keyin ID karta olish yoki almashtirish bo‘yicha elektron so‘rov yuboradi. Shundan so‘ng belgilangan ma’lumotlarni yig‘ish punktiga borib, biometrik ma’lumotlarini topshiradi.
Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish idoralari bilan bog‘lanish uchun ularning aloqa raqamlaridan foydalanish mumkin. Bu ariza beruvchiga eng yaqin ma’lumotlarni yig‘ish punktini aniqlash va qo‘shimcha savollar bo‘yicha maslahat olish imkonini beradi.
Qaynoq24.uz «Zagran» pasportni olish narxi haqida yozgan edi.

