Redmi Xitoy bozori uchun yangi Redmi Turbo 6 seriyasini tayyorlamoqda. Seriyaga Redmi Turbo 6 va Turbo 6 Max modellari kirishi kutilmoqda. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kuchliroq Turbo 6 Max 2027-yil yanvar oyida taqdim etilishi mumkin.
Insayder Digital Chat Station ma’lumotiga ko‘ra, smartfon 7 dyuymli yassi 2K ekran bilan jihozlanadi. Qurilma MediaTek’ning yangi Dimensity 9 seriyasiga mansub protsessorida ishlashi kutilmoqda.
Chipsetning aniq modeli hozircha ma’lum emas. Avvalgi ma’lumotlarda ushbu protsessor 3 nanometrli texnologik jarayon asosida ishlab chiqarilishi aytilgan edi.
Redmi Turbo 6 Max’ning asosiy xususiyatlaridan biri 10 000 mA/soatga yaqin sig‘imli batareya bo‘lishi mumkin. Agar bu ma’lumot tasdiqlansa, model o‘z segmentidagi eng katta batareyaga ega unumdor smartfonlardan biriga aylanadi.
Qurilmada ekran ostiga joylashtirilgan ultratovushli barmoq izi skaneri, metall o‘rta ramka hamda IP68 va IP69 darajasidagi chang va suvdan himoya bo‘lishi ham kutilmoqda.
Turbo 6 Max Xitoy bozorida taxminan shu davrda chiqishi kutilayotgan OnePlus Turbo 7 bilan raqobatlashishi mumkin. OnePlus modeli Snapdragon 8 seriyasidagi protsessor bilan jihozlanishi taxmin qilinmoqda.
Global bozorda Redmi Turbo 6 Max boshqa nom bilan sotilishi mumkin. Manbalarga ko‘ra, smartfon Poco X9 Pro Max sifatida taqdim etilishi ehtimoli bor.
Hozircha Redmi qurilmaning taqdimot sanasi, narxi va rasmiy texnik xususiyatlarini e’lon qilmagan.
Qaynoq24.uz Redmi Note 17 seriyasi ilk rasmda namoyish qilingani haqida yozgan edi.


