O‘zbekistonda ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan pensiyalar va nafaqalar, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi hamda moddiy yordam to‘lovlari 7 foizga oshiriladi.
Shu sanadan boshlab yoshga doir eng kam pensiya miqdori oyiga 983 ming so‘m etib belgilanadi. Nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori esa oyiga 1 mln 83 ming so‘mni tashkil qiladi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasining oylik miqdori ham yangilanadi. Unga ko‘ra, 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzand uchun 386 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzand uchun 295 ming so‘m to‘lanadi. Oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun esa qo‘shimcha 118 ming so‘m beriladi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori 450 ming so‘m etib belgilanadi. Shuningdek, 2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 504 ming so‘m bo‘ladi.
2026-yil 1-sentabrdan esa budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi. Shu sanadan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 mln 360 ming so‘m etib belgilanadi. Bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘mni tashkil qiladi.
Qaynoq24.uz tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish narxi haqida yozgan edi.


