O‘zbekistonda “Ekofaol fuqaro” maqomini berish tartibi rasman belgilandi. Bu 21-aprel kuni qabul qilingan 195-sonli hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Yangi tartib “Bir million yashil oila” umummilliy harakati doirasida joriy etildi. Unda ushbu maqomni olish va fuqarolarni rag‘batlantirish mexanizmlari aniq belgilab qo‘yildi. Hujjatga ko‘ra, “Ekofaol fuqaro” maqomi har chorakda o‘tkaziladigan tanlov asosida beriladi. Har bir hududdan eng yuqori ball to‘plagan 50 nafar ishtirokchi g‘olib sifatida tanlanadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun fuqarolar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining maxsus platformasida ro‘yxatdan o‘tadi. Ular zarur ma’lumotlarni kiritadi va baholash jarayonidan o‘tadi. Yakuniy natijalar aniqlangandan keyin 1 ish kuni ichida e’lon qilinadi. Ball tizimiga ko‘ra, uch oy davomida har oy kamida 80 ball to‘plab, jami 240 balldan yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchiga mazkur maqom beriladi.
Agar “Ekofaol fuqaro” maqomini olgan shaxs keyingi uch oyda 80 balldan kam natija ko‘rsatsa, uning maqomi bekor qilinadi.
Maqom olgan fuqarolar ro‘yxati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining rasmiy saytida muntazam e’lon qilib boriladi.
Qaynoq24.uz Toshkentdagi 87 sanoat korxonasi shahar tashqarisiga ko‘chirilishi haqida yozgan edi.

