Sudlarda korrupsiyaning oldini olish uchun yangi xizmat tashkil etiladi

Foto: Pexels
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

O‘zbekistonda sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish uchun Komplaens nazorat xizmati tashkil etiladi. Bu prezidentning tegishli farmonida belgilandi.

Hujjat “Sudlarda komplaens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb nomlanadi. Unda sud tizimida korrupsion xavflarni kamaytirish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan yangi tartiblar belgilangan.

Farmonga ko‘ra, Komplaens nazorat xizmati sud apparati xodimlari o‘rtasida korrupsiyaning oldini olishga mas’ul bo‘ladi. Xizmat manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash va tartibga solish bilan ham shug‘ullanadi.

Sud tizimida korrupsiyaga qarshi nazorat ikki yo‘nalishda olib boriladi. Sudyalar korpusiga nisbatan bu vazifa Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Sud apparati xodimlari, shu jumladan, Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti xodimlariga nisbatan esa nazorat Oliy sudning Komplaens nazorat xizmati tomonidan olib boriladi.

Farmonda sud apparati xodimlari uchun ixtisoslashgan xizmat kiyimini joriy etish ham nazarda tutilgan. Bu tartib mansab darajasiga ega bo‘lgan xodimlarga tatbiq etiladi. Maqsad xodimlarning kasbiy mas’uliyatini yanada oshirishdan iborat.

Komplaens nazorat xizmati rahbari Oliy sud raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. U mehnatga haq to‘lash, moddiy ta’minot va ijtimoiy himoya shartlari bo‘yicha Oliy sud departamenti boshlig‘iga tenglashtiriladi.

Xizmat lavozimlariga halol, pok va benuqson obro‘ga ega nomzodlar tayinlanadi. Ular oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, nomzodlar, qoida tariqasida, sud-huquq sohasida kamida besh yillik ish stajiga ega bo‘lishi lozim.

Yangi xizmat sud tizimida korrupsion xavflarni oldindan aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish va sud apparati faoliyatida shaffoflikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Qaynoq24.uz sud hujjatlari ijrosida sun’iy intellekt keng qo‘llanishi haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.