Toshkent metrosida 2027-yil 1-yanvardan yo‘l haqi yangi tartib asosida hisoblanishi rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, tarif yo‘lovchi bosib o‘tgan masofaga bog‘lanadi.
Yangi tartibda metroda yo‘l haqi o‘tilgan bekatlar soni yoki yo‘nalishning umumiy uzunligiga qarab belgilanadi. Hozircha aniq tariflar e’lon qilinmagan. Ayrim toifadagi yo‘lovchilar uchun amaldagi imtiyozlar saqlab qolinadi. Bundan tashqari, metroda bir kunlik, haftalik va oylik yo‘l abonementlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Qarorga ko‘ra, Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, «Toshkent metropoliteni» va Toshkent shahar hokimligi yangi to‘lov modeliga o‘tish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.
Bunda xalqaro tajriba o‘rganiladi. Shundan so‘ng Toshkent metrosida masofaga bog‘langan tarif tizimini joriy etish mexanizmlari ishlab chiqiladi. Hozirda Toshkent metrosida bir martalik yo‘l haqi qat’iy belgilangan. Metroda bir marta yurish narxi 1,7 ming so‘mni tashkil etadi.
Bu avtobusdagi bir martalik yo‘l haqi bilan bir xil. Avtobusdan metroga bir soat ichida o‘tgan yo‘lovchilar esa imtiyozli tarifdan foydalanishi mumkin. Bunday holatda metro uchun yo‘l haqi 1,1 ming so‘mni tashkil etadi.
Qaynoq24.uz Toshkent metrosida yo‘lovchilar soni kuniga 1,8 mln nafarga yetkazilishi haqida yozgan edi.

