Yaponiya hukumati BYD elektromobillari uchun subsidiyalarni qisqartirdi. Bu haqda Kolesa.kz xabar bermoqda.
2026-yil aprelidan boshlab subsidiyalar maxsus ball tizimi asosida belgilanmoqda. Unda zaryadlash infratuzilmasi, servis va batareyani utilizatsiya qilish kabi mezonlar hisobga olinadi. Shu bilan birga, mahalliy sanoatni qo‘llab-quvvatlash asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Masalan, Toyota bZ4X modeli yaponiyada ishlab chiqarilgan batareya bilan taqdim etilgani uchun maksimal subsidiya saqlab qolindi. U 1,3 mln yen (taxminan $8,6 ming)ni tashkil etadi.
Xitoyning BYD elektromobillari esa eng ko‘p zarar ko‘rdi. Avval 350–400 ming yen (taxminan $2,3–2,6 ming) subsidiya berilgan bo‘lsa, endi bu miqdor 150 ming yengacha (taxminan $1 ming) tushirildi. BYD’ning Yaponiyadagi rahbari ushbu qarordan noroziligini bildirdi. Uning aytishicha, Toyota bilan subsidiyalar o‘rtasidagi farq qariyb 1 mln yenni tashkil etmoqda. Bu esa kompaniya avtomobillarini bozorda raqobatbardoshligini pasaytiradi.

Yangi qoidalar faqat BYD’ga emas, balki ayrim yapon modellarga ham ta’sir qildi. Masalan, Nissan Ariya modeli uchun subsidiya 1,29 mln yendan (taxminan $8,5 ming) 1 mln yengacha (taxminan $6,6 ming) kamaydi. Aksincha, Tesla avtomobillari uchun subsidiya oshirildi. Endi ular 1,27 mln yen (taxminan $8,4 ming)gacha imtiyoz oladi. Bunga asosiy sabab sifatida Panasonic batareyalaridan foydalanilayotgani ko‘rsatilmoqda.
Qaynoq24.uz Lada Azimut avtomobili gibrid versiyada chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.

