Redmi kompaniyasi kelasi oy Xitoyda Redmi Note 17 seriyasini taqdim etishi kutilmoqda. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Note 17 modeli 6,83 dyuymli yassi OLED displeyga ega bo‘ladi. Ekran 1,5K aniqlikni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. Smartfon Snapdragon 6s Gen 4 protsessori bilan jihozlanishi mumkin.
Akkumulyator sig‘imi haqida hozircha ma’lumot berilmagan, biroq qurilma 67 vattli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlashi aytilmoqda. Shuningdek, model 50 megapikselli asosiy kamera va displey ostiga joylashtirilgan optik barmoq izi skaneriga ega bo‘lishi mumkin.
Note 17 Pro modeli ham 1,5K aniqlikdagi yassi displey bilan chiqishi kutilmoqda, biroq uning ekran o‘lchami hozircha ochiqlanmagan. Insayderga ko‘ra, ushbu versiya yangi Snapdragon 6 Gen 5 chipi asosida ishlaydi. Modelning eng muhim jihatlaridan biri 9000 mA/soat sig‘imli katta akkumulyator bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Redmi Note 17 Pro 50 megapikselli asosiy kamera, stereo dinamiklar va suvdan to‘liq himoyalangan korpus bilan ta’minlanishi aytilmoqda.
Seriyadagi eng yuqori model — Redmi Note 17 Pro Max ham 1,5K aniqlikdagi yassi displeyga ega bo‘lishi kutilmoqda. Bu qurilma MediaTek’ning yangi Dimensity 7500 protsessori bilan jihozlanishi mumkin. Smartfonning asosiy ustunligi sifatida 10 100 mA/soat sig‘imli yirik akkumulyator tilga olinmoqda.
Kamera borasida esa Pro Max versiyasiga 200 megapikselli asosiy sensor o‘rnatilishi aytilgan. Shuningdek, qurilma stereo dinamiklar va suvdan to‘liq himoyalangan korpusga ega bo‘lishi mumkin.
Hozircha Redmi Note 17 seriyasiga oid ushbu ma’lumotlar rasmiy tasdiqlanmagan. Shunga qaramay, so‘nggi sizib chiqqan tafsilotlar yangi avlod Redmi Note smartfonlarida katta sig‘imli akkumulyator, yuqori aniqlikdagi displey va kuchaytirilgan kamera imkoniyatlariga urg‘u berilishini ko‘rsatmoqda.
Qaynoq24.uz Redmi K90 Ultra faol sovitish tizimi bilan taqdim etilishi haqida yozgan edi.


