Britaniyalik Bitkoin tadbirkori Adam Back The New York Times maqolasida uning kriptovalyuta yaratuvchisi sifatida tilga olinganidan so‘ng buni rad etdi.
U BBC bilan suhbatda bu xulosa “tasdiqlash xatosi” ekanini aytdi va o‘zini Satoshi Nakamoto emasligini ta’kidladi. Satoshi Nakamotoning haqiqiy shaxsi internetdagi eng katta sirlaridan biri hisoblanadi. Adam Back ilgari ham bir necha bor ushbu taxminlar markazida bo‘lgan.
U X ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi: “Men Satoshi emasman, lekin kriptografiya, onlayn maxfiylik va elektron pulning ijtimoiy ahamiyatiga erta e’tibor qaratganman”. John Carreyrou yozgan The New York Times maqolasida Back’ning elektron xatlari va internetdagi postlari Satoshi yozuvlari bilan solishtirilgan va o‘xshashliklar keltirilgan.
Shuningdek, uning onlayn faolligi Bitkoin’ning “white paper”i e’lon qilingandan keyin Satoshi yo‘qolgan davr bilan mos kelishi qayd etilgan. Biroq Back bunga javoban o‘sha paytda forumlarda faol bo‘lganini aytdi.
Unga ko‘ra, dalillarning aksariyati tasodif va o‘xshash tajribaga ega odamlar ishlatadigan iboralarga asoslangan. Satoshi atrofidagi qiziqish nafaqat shaxs sirligi bilan, balki ulkan boylik bilan ham bog‘liq. Agar u hali ham o‘z Bitkoin hamyonini nazorat qilsa, uning qiymati bugungi kunda taxminan $70 mlrdga teng bo‘lishi mumkin.
Taxminlarga ko‘ra, Satoshi bir milliondan ortiq Bitkoin egasi bo‘lib, bu umumiy emissiyaning qariyb 5 foizini tashkil etadi. Bitkoin maksimal 21 million dona bilan cheklangan.
Bu Bitkoin yaratuvchisini aniqlashga qaratilgan ilk urinish emas. 2024-yilda HBO hujjatli filmida kanadalik mutaxassis Peter Todd Satoshi sifatida ko‘rsatilgan edi, ammo u buni rad etdi. Shu yili Londonda britaniyalik Stephen Mollah ham o‘zini Satoshi deb e’lon qilgan, biroq bu da’vo e’tiborsiz qolgan.
Qaynoq24.uz Samarqandda yashirincha ishlagan “mayning ferma” fosh etilgani haqida yozgan edi.

