Vivo kompaniyasining yangi Vivo X300 Ultra flagman smartfoni tez orada Hindistonda sotuvga chiqishi kutilmoqda. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Vivo X300 Ultra 7-may kuni rasman taqdim etiladi va qurilma savdosi taxminan 14-maydan boshlanishi mumkin. Avvalgi X200 Ultra modeli global bozorda chiqmagan edi, ammo bu safar kompaniya tezroq kengayishni rejalamoqda.
Smartfon 6,82 dyuymli LTPO AMOLED displey bilan jihozlanadi. Ekran 2K aniqlik va 144 Hz yangilanish tezligini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessorida ishlashi kutilmoqda, bu esa yuqori unumdorlikni ta’minlaydi. Kamera tizimi modelning eng asosiy jihatlaridan biri bo‘ladi. Orqa panelda uchta kamera joylashadi va ulardan ikkitasi 200 MP sensor bilan ta’minlanadi. Old kamera esa 50 MP bo‘ladi.
Xitoy versiyasida 6 600 mA/soat sig‘imli batareya mavjud. Qurilma 100 W simli va 40 W simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. To‘liq quvvat olish taxminan 30–40 daqiqa davom etadi. Smartfon Android 16 asosidagi OriginOS 6 tizimida ishlaydi. Narxlar hali rasman e’lon qilinmagan. Xitoy bozorida model boshlang‘ich versiyada 6 999 yuan narxda taklif etilgan.
Qaynoq24.uz Vivo X300s va Galaxy S26 modellarini taqqoslagan edi.

