AQSh harbiy qo‘shinlari Suriyadagi barcha kuchlarini to‘liq olib chiqdi. Bu haqda Damashq rasmiylari ma’lum qildi va ma’lumotni AQSh tomoni ham tasdiqladi.
Suriya tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, avval AQSh harbiylari joylashgan barcha obyektlar mamlakat hukumatiga topshirilgan. Damashq bu qarorni mintaqadagi vaziyat o‘zgargani bilan izohladi. Rasmiylarga ko‘ra, dastlab AQSh qo‘shinlari Suriyaga terrorchilikka qarshi kurashish uchun kiritilgan edi. Endilikda esa Suriya hukumati xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda terrorizmga qarshi kurashni mustaqil olib bora oladi.
Suriya tomoni harbiy obyektlarni topshirish jarayoni muvofiqlashtirilgan holda va professional tarzda amalga oshirilganini ta’kidladi. Shuningdek, bu qaror Damashq va Vashington o‘rtasidagi aloqalar yaxshilangani bilan bog‘landi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi vakili Tim Hokins ham qo‘shinlar olib chiqilganini tasdiqladi. Uning aytishicha, bu jarayon bosqichma-bosqich va mavjud sharoitdan kelib chiqib amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, AQSh mintaqada hamkor kuchlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi. Bu yordam terrorchilikka qarshi operatsiyalarni davom ettirishga qaratiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh harbiylari Suriyadagi bazalardan texnikani olib chiqib, uni qo‘shni Iroqqa ko‘chirdi. Avvalroq ham ayrim bazalar yopilgan va kontingent qisqartirilgan edi.
AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya 2014-yilda tuzilgan edi. Uning asosiy maqsadi Suriyada va Iroqda faol bo‘lgan terror guruhlarini yo‘q qilishdan iborat bo‘lgan. So‘nggi yillarda esa AQSh harbiylari asosan nishonli zarbalar va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullangan.
Qaynoq24.uz Suriya hukumati kurdlar bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida yozgan edi.

