Xiaomi 18 Pro smartfonining dastlabki renderlari paydo bo‘ldi. Bu haqda Gizmochina texnologiya nashri ma’lum qildi.
Renderlarga ko‘ra, yangi model orqa paneldagi keng kamera blokini saqlab qoladi. Unda uchta kamera va kichik qo‘shimcha ekran joylashgan. Hozircha bu tasvirlar yakuniy ko‘rinishni emas, balki ichki konseptni aks ettiradi.

Yangiliklardan biri — yon tomonda alohida AI tugmasi paydo bo‘lishi mumkin. Ushbu tugma sun’iy intellekt funksiyalarini tez ishga tushirish uchun mo‘ljallangan. U turli vaziyatlarda bitta bosish orqali ishlaydi va foydalanuvchi ehtiyojiga qarab sozlanadi.
Kompaniya bu tugmani o‘z ekotizimi bilan bog‘lashni rejalamoqda. U orqali aqlli uy qurilmalari va hatto mos elektr avtomobillarni boshqarish mumkin bo‘ladi. Xiaomi orqa ekrandan voz kechmayapti. Aksincha, uni yanada foydali qilishni maqsad qilgan. Hozirgi modellarda bu ekran tarjima, teleprompter va oddiy vidjetlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi avlodda esa u mustaqil interfeysga aylanishi kutilmoqda.

Old tomonda esa 1.5K aniqlikdagi tekis displey bo‘lishi aytilmoqda. Qurilma ichida esa yangi avlod flagman chipi — Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro ishlatilishi mumkin. Ushbu protsessor TSMC tomonidan 2 nanometr texnologiyada ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Hozircha barcha ma’lumotlar norasmiy hisoblanadi. Smartfonning yakuniy dizayni va xususiyatlari taqdimotga yaqinroq aniq bo‘ladi.
Xiaomi kompaniyasi haqida
Xiaomi 2010-yilda tashkil etilgan Xitoyning texnologik kompaniyasi hisoblanadi. Uni Lei Jun asos solgan va kompaniya qisqa vaqt ichida global bozorda tanildi. Kompaniya dastlab smartfonlar ishlab chiqarish bilan mashhur bo‘ldi. Keyinchalik u aqlli uy qurilmalari, gadjetlar va boshqa elektronika mahsulotlarini ham ishlab chiqara boshladi.

Xiaomi’ning asosiy g‘oyasi — yuqori sifatli mahsulotlarni arzon narxda taklif qilishdir. Shu sababli u ko‘plab bozorlarda tez ommalashdi. Kompaniyaning bosh qarorgohi Beijing shahrida joylashgan. Xiaomi bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida faoliyat yuritadi.
Qaynoq24.uz Xiaomi 18 Pro Max 200 MP dual kamera bilan chiqishi haqida yozgan edi.

