Germaniya hukumati sobiq Gazprom Germania asosida tashkil etilgan SEFE kompaniyasini xususiylashtirish jarayonini boshlaydi.
Kompaniya 2022-yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng Germaniya nazoratiga o‘tgan edi. Endi esa uning ustav kapitalini oshirish orqali 1,5 mlrd yevrodan 2 mlrd yevrogacha mablag‘ jalb qilish rejalashtirilmoqda.
SEFE rahbari Egbert Laege so‘zlariga ko‘ra, jalb etilgan mablag‘lar gaz omborlari, quvurlar va savdo infratuzilmasini kengaytirishga yo‘naltiriladi.
Bu jarayon Germaniya hukumatining kompaniyadagi 100 foizlik ulushini bosqichma-bosqich kamaytirishni anglatadi. Yevropa Ittifoqi talablariga ko‘ra, Berlin 2028-yilgacha kamida 75 foiz ulushni sotishi kerak.
Mutaxassislar fikricha, global energiya bozoridagi keskinliklar, xususan, Yaqin Sharqdagi mojarolar narxlarning oshishiga olib kelib, xususiylashtirish jarayonini tezlashtirgan. Shu bilan birga, kompaniyaning Yevropa energetika xavfsizligidagi muhim roli ayrim investorlarni ehtiyotkorlikka undashi mumkin.
Hozircha kompaniya aktivlarini alohida sotish rejalashtirilmayapti. Rahbariyat infratuzilma va savdo yo‘nalishlarini birgalikda rivojlantirish tarafdori.
Qaynoq24.uz Germaniyada 2 mlnga yaqin aholi tezkor internetdan mahrumligi haqida yozgan edi.

