Prezident Shavkat Mirziyoyev 2027–2029-yillar uchun Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga rahbar etib saylandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilish 22-aprel kuni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tkazildi. Unda Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari ham ishtirok etdi. Asosiy mavzu Orol dengizi holati, ekologiya va suv resurslari bo‘ldi. Mirziyoyev iqlim o‘zgarishi va suv iste’moli ortishi tufayli vaziyat murakkablashayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda suv tanqisligi yanada kuchayishi mumkin.

Prezident mintaqani rivojlantirish dasturiga aniq raqamli ko‘rsatkichlar kiritishni taklif qildi. Bu tizim natijalarni aniq baholash va xalqaro moliyalashtirishni jalb qilishga yordam beradi. Shuningdek, u BMTning ko‘p tomonlama trast jamg‘armasi mandatini kengaytirishni ilgari surdi. Taklifga ko‘ra, mablag‘lar faqat Orolbo‘yi emas, balki butun Orol havzasiga yo‘naltiriladi.

Mirziyoyev mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. U suv, energetika va iqlim yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni kengaytirishni taklif qildi. Xususan, cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi. Prezident suvdan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish muhimligini qayd etdi. U bu yo‘nalishda ta’lim tizimida keng qamrovli o‘qitishni joriy etishni taklif qildi.

