AQSh Senati prezident Donald Trampning migratsiya bo‘yicha muhim yangi qonun loyihasini blokladi. Tashabbusga uning o‘z partiyadoshlari, ya’ni respublikachi senatorlar qarshi chiqdi.
Qonun paketi immigratsiya va bojxona organlari hamda chegara xizmatlari uchun qo‘shimcha $70 mlrd atrofida mablag‘ ajratishni nazarda tutgan edi. Biroq bahsli kompensatsiya jamg‘armasi sabab loyiha ovoz berish bosqichiga yetib bormadi.
Natijada Senatdagi ko‘pchilik yetakchisi Jon Tun senatorlarni ovoz berishsiz parlament ta’tiliga yubordi. Ta’til kelasi hafta oxirigacha davom etadi.
Bahslarning asosiy sababi Tramp tarafdorlari uchun mo‘ljallangan qariyb $1,8 mlrdlik kompensatsiya jamg‘armasi bo‘ldi. Ushbu fondni AQSh Adliya vazirligi 18-may kuni e’lon qilgan va u so‘nggi lahzada migratsiya paketiga kiritilgan.
Jamg‘arma avvalgi prezident Jo Bayden ma’muriyati davrida sud ta’qibiga uchragan deb hisoblangan shaxslarga kompensatsiya to‘lashni nazarda tutadi. Ushbu mablag‘lardan 2021-yil 6-yanvarda Vashingtondagi Kapitoliyga hujum qilgani uchun sudlangan, keyinchalik Tramp Oq uyga qaytgach afv etilgan yuzlab tarafdorlar ham foydalanishi mumkin.
Respublikachi senatorlar ushbu jamg‘arma noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Kongress oraliq saylovlari oldidan saylovchilar tomonidan salbiy qabul qilinishidan xavotirda. Aholi orasida yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlari oshishi bo‘yicha norozilik kuchaygan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, bu holat Eronga qarshi urush fonida yuzaga kelgan.
Respublikachilarning bir qismi Trampning Oq uy yaqinida katta bal zali qurish rejalaridan ham norozi bo‘lgan. Migratsiya paketiga prezident qo‘riqlash xizmati ehtiyojlari uchun qo‘shimcha $1 mlrd kiritilgan. Bu mablag‘ kelgusida ushbu yangi obyekt xavfsizligini ta’minlash uchun ham ishlatilishi mumkin.
Qaynoq24.uz AQSh Senati Eronga qarshi harbiy vakolatlarni cheklovchi rezolyutsiyani ilgari surgani haqida yozgan edi.

