Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Kongodagi Ebola xavfini «juda yuqori» deb baholadi. Mamlakatda 82 ta holat tasdiqlangan, 7 kishi vafot etgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi tarqalishi bo‘yicha ogohlantirish darajasini kuchaytirdi. Tashkilot mamlakat ichidagi xavfni «yuqori» darajadan «juda yuqori» darajaga ko‘tardi. JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesusning ma’lum qilishicha, hozirgacha mamlakatda 82 ta Ebola holati tasdiqlangan. Shundan 7 tasi o‘lim bilan yakunlangan. Uning aytishicha, real vaziyat bundan jiddiyroq bo‘lishi mumkin. Chunki mamlakatda 750 ga yaqin gumonli holat va 177 ta ehtimoliy o‘lim qayd etilgan.
Shu bilan birga, JSST global xavf darajasi pastligicha qolayotganini bildirdi. Bu kasallik hozircha asosan Kongo hududida tarqalmoqda. Kasallikning ushbu tarqalishi kam uchraydigan Bundibugyo virusi bilan bog‘liq. Bu turdagi virusga qarshi samaradorligi isbotlangan vaksina mavjud emas.

Ebola qo‘shni Ugandada ham aniqlangan. U yerda ikki holat tasdiqlangan, bir kishi vafot etgan. Kongoda ishlagan AQSh fuqarosida ham Ebola aniqlangan. U davolanish uchun Berlin shahridagi Charité shifoxonasiga olib borilgan. Shifoxona ma’lumotiga ko‘ra, bemor og‘ir holsizlangan, biroq ahvoli kritik emas. U maxsus izolyatsiya bo‘limida shifokorlar nazoratida davolanmoqda.
JSST yana bir AQSh fuqarosi yuqori xavfli kontakt sifatida Chexiyaga olib borilgani haqidagi xabarlardan ham xabardor ekanini bildirdi. Niderlandiyada esa Radboud universiteti shifoxonasi Ebola gumoni past bo‘lgan bir bemorni izolyatsiyaga olgan. Uning tahlil natijalari kutilmoqda.
Ebola ilk bor 1976-yilda aniqlangan og‘ir yuqumli kasallik hisoblanadi. AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markaziga ko‘ra, ayrim holatlarda o‘lim ko‘rsatkichi 90 foizgacha yetishi mumkin.
Qaynoq24.uz JSST Ebola virusining Bundibugyo turi uchun vaksina tayyorlash to‘qqiz oygacha vaqt olishi mumkinligini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.

