Barqaror uyqu va kundalik faollik rejimi Tez qarimaslik uchun foydali bo‘lishi mumkin. Tadqiqot natijalari JAMA Network Open jurnalida e’lon qilindi.
Tadqiqotda Baltimor shahridan o‘rta va katta yoshdagi 207 kishi qatnashgan. Ular bir hafta davomida maxsus bilaguzuk taqib yurgan. Qurilma ularning uyqusi, dam olish vaqti hamda kunduzgi faolligini qayd etgan. Keyin olimlar bu ma’lumotlarni epigenetik yosh ko‘rsatkichi bilan solishtirgan. Bu ko‘rsatkich organizm DNK darajasida qanchalik tez qarayotganini aks ettiradi.
Natijalarga ko‘ra, kunlik ritmi aniq va muntazam bo‘lgan odamlarda epigenetik qarish darajasi pastroq bo‘lgan. Ya’ni kun va tun faolligi bir-biridan aniq farqlansa, uyqu va uyg‘oqlik vaqti barqaror bo‘lsa, biologik yosh sekinroq oshgan. Aksincha, uyqu rejimi tez-tez buziladigan, kechasi faol bo‘ladigan va uxlash vaqti keskin o‘zgarib turadigan odamlarda biologik qarish tezroq kechishi mumkinligi qayd etilgan.
Tadqiqot mualliflari bu natijalar sabab va oqibatni to‘liq isbotlamasligini ta’kidladi. Ya’ni muntazam uyqu bevosita qarishni sekinlashtiradi, degan qat’iy xulosa chiqarish hozircha erta.
Shu bilan birga, olimlar uyqu va uyg‘oqlik rejimi biologik qarishning muhim belgisi bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Kelajakda bu omil yosh bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olishda muhim yo‘nalishlardan biriga aylanishi mumkin.
Qaynoq24.uz allergiyani uy sharoitida davolash yo‘llari haqida yozgan edi.

