AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning boyitilgan urani darhol yo‘q qilinishi kerakligini bildirdi. Unga ko‘ra, yadroviy materiallar AQShga topshirilishi yoki xalqaro nazorat ostida Eron hududida yo‘q qilinishi lozim.
Tramp bu haqdagi bayonotini Eron yadroviy dasturi atrofida keskinlik davom etayotgan bir vaqtda e’lon qildi. U boyitilgan uranni «yadroviy chang» deb atadi.
AQSh prezidentining aytishicha, Eron boyitilgan uranni zudlik bilan Qo‘shma Shtatlarga topshirishi mumkin. Keyin bu materiallar AQShga olib ketilib, yo‘q qilinadi. Trampning fikricha, yana bir maqbul yo‘l ham bor. Unga ko‘ra, uran Eron bilan hamkorlikda va muvofiqlashtirilgan holda joyida yoki boshqa kelishilgan hududda yo‘q qilinishi mumkin.

Tramp yadroviy materiallarni yo‘q qilish jarayoni Atom energiyasi bo‘yicha komissiya yoki shunga o‘xshash xalqaro tuzilma nazorati ostida o‘tishi kerakligini ta’kidladi. Bayonot Eron atrofidagi vaziyat keskinlashgan bir paytda yangradi. Avvalroq AQSh va Isroil Eron hududidagi obyektlarga zarba bergani xabar qilingan edi. Shundan so‘ng Eron yadroviy dasturining kelajagi bo‘yicha munozaralar kuchaydi.
Vashington va uning ittifoqchilari Tehronni yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini ko‘paytirishda ayblab keladi. Ularning fikricha, bunday materiallardan yadroviy qurol yaratishda foydalanish mumkin.
Eron hukumati esa bu ayblovlarni rad etmoqda. Tehron o‘z yadroviy dasturi faqat tinch maqsadlarga qaratilganini ta’kidlab keladi.
Bundan avval Tramp musulmon davlatlarini Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishga chaqirgan edi. U Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish jarayoni kengayishi kerakligini aytdi. Trampning fikricha, Eron bilan ehtimoliy tinchlik kelishuvi mintaqaviy koalitsiyani kengaytirish bilan bir vaqtda borishi lozim.
U Truth Social tarmog‘ida musulmon davlatlarini Ibrohim kelishuvlarini darhol imzolashga chaqirdi. AQSh prezidenti Saudiya Arabistoni, Qatar, Pokiston, Turkiya, Iordaniya va Misrni alohida tilga olgan.
Qaynoq24.uz Tramp sun’iy intellekt bo‘yicha farmonni imzolashdan bosh tortgani haqida yozgan edi.

