Isroil Livandagi Bovfort qal’asini egalladi

Foto: Reuters
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Isroil armiyasi Livan janubida quruqlikdagi amaliyotlarini kengaytirdi. Harbiylar “Hizbulloh”ga qarshi yurish davomida Bovfort qal’asini egallaganini bildirdi.

Qal’a Litani daryosi ustidagi baland tepalikda joylashgan. U janubiy Livandagi muhim strategik nuqtalardan biri hisoblanadi. Isroil mudofaa armiyasi bu hudud ustidan nazorat chegara yaqinidagi Isroil aholi punktlarini himoya qilish uchun muhimligini ta’kidladi.

Isroil harbiylari Zahrani daryosidan janubda yashovchi aholiga hududni tark etish bo‘yicha ogohlantirishni takrorladi. Armiya vakiliga ko‘ra, “Hizbulloh” obyektlari, jangchilari yoki qurollari yaqinida bo‘lgan har qanday odam hayotini xavf ostiga qo‘yadi.

Bu so‘nggi kunlarda Isroil tomonidan Livan janubidagi aholiga berilgan ikkinchi yirik evakuatsiya ogohlantirishidir. Isroil mudofaa armiyasi amaliyotda ko‘p sonli quruqlikdagi harbiylar qatnashayotganini ma’lum qildi. Operatsiya qo‘shimcha hududlarga ham kengaymoqda.

Bu Isroil qo‘shinlari Livan hududiga Litani daryosi chizig‘idan ham chuqurroq kirib borayotganini ko‘rsatadi. Har kuni frontdagi amaliyot doirasi kengaymoqda.

Qal’a haqida

Isroil Livandagi Bovfort qal’asini egalladi
Foto: Getty Images

Bovfort qal’asi tarixiy va harbiy jihatdan muhim obyekt sanaladi. U taxminan 900 yil avval salibchilar davrida qurilgan. Qal’a baland qoyalarda joylashgani sababli Litani daryosi atrofini nazorat qilish imkonini beradi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu qal’aning egallanishini mamlakat siyosatidagi “keskin o‘zgarish” deb atadi. Uning aytishicha, Isroil “qo‘rquv to‘sig‘ini buzgan” va tashabbusni o‘z qo‘liga olgan.

Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats ham qal’aning ramziy ahamiyatiga urg‘u berdi. U 44 yil avval Isroil armiyasi ayni hudud uchun jang qilganini eslatdi. Uning aytishicha, o‘sha vaqtda Bovfort qal’asini egallagan Golani brigadasi yana ushbu joyga qaytgan.

Livan tomoni esa Isroil amaliyotlari mamlakat janubidagi vaziyatni og‘irlashtirayotganini bildirmoqda. Yakshanba kuni Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi Sur shahri yaqinidagi Hiram kasalxonasi atrofida havo zarbasi berilganini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, zarba oqibatida 13 nafar tibbiyot xodimi jarohatlangan va shifoxonaga katta zarar yetgan.

Fransiya Isroilning Livandagi harbiy amaliyotlarini muhokama qilish uchun BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini so‘radi. Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro vaziyatni Isroil uchun “katta xato” deb baholadi.

Isroil esa amaliyotlar “Hizbulloh” hujumlariga javoban kuchaytirilganini bildirmoqda. Tel-Avivga ko‘ra, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruh Isroil askarlari va chegara yaqinidagi aholi punktlariga dron hamda raketa zarbalarini oshirgan.

Qaynoq24.uz Isroilning Livanga zarbalari oqibatida 6 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.