O‘zbekistonda kichik biznes subyektlariga tushadigan ma’muriy yuk kamaytiriladi. Bu Prezident farmonida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, QQS to‘lovchisi guvohnomasi endi faqat soliq to‘lovchilar hisobini yuritish maqsadida beriladi. Mazkur guvohnoma tadbirkorlarga nisbatan ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos bo‘lmaydi.
Farmon bilan QQS to‘lovchisi guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish tartibi bekor qilinadi. Shuningdek, import bilan shug‘ullanuvchi ayrim shaxslarni majburiy tarzda QQS to‘lovchisi deb e’tirof etish amaliyoti tugatiladi.
Bu tartib O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali tovar olib kiruvchi yuridik shaxslar, YATTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga taalluqli edi.
2027-yil 1-yanvardan soliq xavfi past bo‘lgan holatlarda QQSning salbiy farq summasini qaytarish tartibi ham soddalashtiriladi. Bunda qaytarish va qoplash jarayonida inson omili ishtirokidagi amaliyotdan voz kechiladi.
2028-yil 1-yanvarga qadar kichik biznes subyektlariga soliqdagi ayrim xatolarni mustaqil tuzatish imkoniyati beriladi.
Bunday holatlar soliq organlarining «Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash» dasturi orqali aniqlanadi. Agar tadbirkor xatoni mustaqil tuzatsa, ayrim soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.
Soliq xavfi summasi 500 mln so‘mgacha bo‘lsa, soliq auditi o‘tkazilmaydi. Soliq xavfi summasi 100 mln so‘mgacha bo‘lsa, sayyor soliq tekshiruvi ham o‘tkazilmaydi.
Qaynoq24.uz soliq auditlarida 3,9 trln so‘mlik holat aniqlangani haqida yozgan edi.


