AQSh Vakillar palatasi Eronga qarshi urushga oid rezolyutsiyani qabul qildi

Foto: Annabelle Gordon/REUTERS
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

AQSh Vakillar palatasi Trampning Eron bilan urushni Kongress roziligisiz davom ettirishini cheklovchi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda DW xabar berdi.

CBS News ma’lumotiga ko‘ra, quyi palata ilk bor Eron bilan mojaro masalasida Oq uy pozitsiyasiga qarshi chiqdi. Rezolyutsiyani 215 nafar kongressmen qo‘llab-quvvatladi. 208 nafar qonunchi unga qarshi ovoz berdi.

Tashabbusni demokratlardan tashqari to‘rt nafar respublikachi ham qo‘lladi. Aynan shu ovozlar hujjat qabul qilinishida muhim rol o‘ynadi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Eron bilan urush Trampning partiyadoshlari orasida ham qo‘llovini yo‘qota boshlagan.

Avvalroq, 19-may kuni AQSh Senati ham shunga o‘xshash rezolyutsiyani ko‘rib chiqishni qo‘llab-quvvatlagan edi. U Trampni Kongress ruxsatisiz Eron bilan urushni davom ettirmaslikka majbur qilishi kerak.

O‘sha ovoz berishda 50 senator rezolyutsiyani qo‘llagan, 47 senator esa qarshi chiqqan. Uch nafar respublikachi senator saylovoldi kampaniyasi sabab ovoz berishda qatnashmagan. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, rezolyutsiya ikkala palatadan o‘tsa ham, Tramp unga veto qo‘yishi deyarli aniq.

AQShning 1973-yildagi Harbiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, prezident Kongress roziligisiz 60 kun harbiy harakat olib borishi mumkin. Muddat tugagach, u urushni to‘xtatishi yoki Kongressdan ruxsat so‘rashi kerak.

1-may kuni ushbu 60 kunlik muddat yakunlangan. Shundan so‘ng Tramp Kongressga Eron bilan urush “yakunlangani” haqida xabar bergan.

Biroq DW yozishicha, amalda harbiy harakatlar davom etmoqda. 3-mayga o‘tar kechasi Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Kuvayt va Bahraynga raketa hamda dronlar uchirgan.

Eron tomoni nishon sifatida AQSh bazalarini ko‘zlaganini bildirgan. Bunga javoban Amerika harbiylari Hormuz bo‘g‘ozidagi Keshm orolida joylashgan Eron harbiy obyektiga zarba bergan. AQSh Kongressidagi so‘nggi ovoz berish Tramp ma’muriyatining Eron siyosatiga nisbatan bosim kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Qaynoq24.uz Eron Kuvaytdagi AQSh bazasiga zarba bergani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.