Yevropa bozori uchun Samsung Galaxy A27 smartfonining narxi 70 dollarga oshadi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, qurilmaning 6 GB tezkor xotira va 128 GB doimiy xotiraga ega bazaviy talqini 349 yevro narxda baholanadi. 8 GB tezkor xotira va 256 GB doimiy xotiraga ega versiya esa 439 yevro turishi mumkin.
Narx oshishi smartfondagi o‘zgarishlar fonida turlicha baholanishi mumkin. Mish-mishlarga ko‘ra, Samsung Galaxy A27 6,7 dyuymli FHD+ displey, Qualcomm Snapdragon 6 Gen 3 protsessori, optik barqarorlashtirishga ega 50 MP asosiy kamera, 12 MP old kamera hamda 25 vattli simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydigan 5000 mA·soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanadi.

Biroq ayrim texnik jihatlarda pasayish ham kuzatilishi mumkin. Jumladan, ultra keng burchakli kamera avvalgi modeldagi 8 MP o‘rniga 5 MP bo‘lishi aytilmoqda. Bundan tashqari, Galaxy A27’da microSD xotira kartasini qo‘llab-quvvatlash imkoniyati olib tashlanishi mumkin.
Mutaxassislar narx oshishini xotira komponentlari qimmatlashgani bilan izohlamoqda. So‘nggi vaqtlarda bir qator ishlab chiqaruvchilarning mavjud smartfonlari ham narx bo‘yicha yuqorilagani qayd etilgan. Shu sababli yangi modellar ham avvalgilariga nisbatan qimmatroq bo‘lishi ehtimoli bor.
Samsung Galaxy A27 taqdimoti 2026-yil iyun–avgust oylarida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Sotuvlar boshlangach, kompaniya reklama aksiyalari yoki operatorlar orqali chegirmali takliflarni yo‘lga qo‘yishi mumkin.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy M37 va Galaxy M47 ustida ishlayotgani haqida yozgan edi.


