Redmi kompaniyasi 14-iyul kuni Xitoyda taqdim etilishi kutilayotgan Redmi Note 17 Pro smartfoni haqida yangi tafsilotlarni oshkor qildi. Qurilma 9000 mA/soat sig‘imli batareya, 67 vattli tezkor quvvatlash va quyosh ostida 3500 nitgacha yorqinlik bera oladigan ekran bilan jihozlanadi.
Smartfonga Xiaomi’ning Jinshajiang turidagi akkumulyatori o‘rnatilgan. Batareya TÜV SÜD tashkilotining besh yulduzli ko‘p yo‘nalishli sifat sertifikatini olgan. Qurilma 67 vattli simli tezkor quvvatlash bilan birga 22,5 vattli teskari quvvatlashni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Bu funksiya yordamida boshqa mos qurilmalar va aksessuarlarni quvvatlantirish mumkin bo‘ladi.

Redmi yangi modelning ilk savdosida qatnashgan xaridorlar uchun besh yillik bepul batareya yangilash dasturini ham e’lon qildi. Agar akkumulyator sig‘imi dastlabki to‘rt yil ichida 80 foizdan pastga tushsa, kompaniya uni bepul almashtirib beradi.
Beshinchi yilda batareya holati 80 foizdan kamaygan taqdirda esa 9000 mA/soatli akkumulyator o‘rniga 10 000 mA·soat sig‘imli batareya o‘rnatilishi aytilmoqda. Bunda xizmat ko‘rsatish shartlariga rioya qilingan bo‘lishi kerak.
Redmi Note 17 Pro tekis 1,5K displeyga ega bo‘ladi. Ekranning quyosh ostidagi maksimal yorqinligi 3500 nitga yetadi. Displey Corning Gorilla Glass Victus 2 himoya oynasi bilan qoplangan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, smartfon SGS va CQC tashkilotlarining zarbaga chidamlilik bo‘yicha besh yulduzli sertifikatlarini olgan. Qurilma uch metr balandlikdan marmar yuzaga tushirish sinovidan o‘tkazilgan. Rasmiy namoyishlarda ekran futbol to‘pi, yong‘oq va durian mevasi bilan takroriy zarbalardan keyin ham shikastlanmagani ko‘rsatilgan.
Model IP66, IP68, IP69 va IP69K himoya darajalariga ega. TÜV SÜD sertifikatiga ko‘ra, smartfon ikki metr chuqurlikdagi suvda 72 soatgacha ishlashga bardosh bera oladi.
Avvalgi tizerlarda Redmi Note 17 Pro ikkita stereo karnay va energiya tejamkor Snapdragon 6 turkumidagi protsessor bilan jihozlanishi ham ma’lum qilingan edi. Qurilmaning narxi va boshqa texnik xususiyatlari 14-iyuldagi taqdimotda e’lon qilinishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Redmi Turbo 6 Max 10 000 mA/soat batareya olishi mumkinligi haqida yozgan edi.


