22 davlat Eronni xorijdagi hujumlar uchun qoraladi

Foto: Pexels
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

AQSH va Yevropa davlatlari boshchiligidagi 22 mamlakat Eronni o‘z hududlarida odamlarga qarshi hujumlar uyushtirish, ta’qib qilish va qo‘rqitishda aybladi. Bu haqda 11-iyun kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotda ma’lum qilindi.

Bayonotda Erondan boshqa davlatlar hududida odamlarni o‘ldirishga urinish, o‘g‘irlash, ta’qib qilish, qo‘rqitish yoki ularga boshqa shaklda hujum qilishni zudlik bilan to‘xtatish talab etilgan. Hujjat mualliflariga ko‘ra, bunday harakatlar milliy suverenitet va xalqaro me’yorlarga zid hisoblanadi.

Qo‘shma bayonotga Germaniya, Albaniya, Avstraliya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Bolgariya, Kanada, Chexiya, Daniya, Estoniya, Fransiya, Finlyandiya, Irlandiya, Latviya, Litva, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Shimoliy Makedoniya, Norvegiya, Portugaliya, Shvetsiya va AQSH qo‘shilgan.

Bayonotda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va uning xorijiy bo‘linmasi — «Al-Quds» kuchlari «o‘limga olib keluvchi fitnalar» hamda zararli faoliyat yuritishda ayblangan. Mamlakatlar fikricha, ushbu harakatlar asosan eronlik muxoliflar, jurnalistlar va yahudiy jamoalariga qaratilgan.

Qo‘shma bayonot mualliflari Tehronni Yevropa bo‘ylab hujumlar kampaniyasini tashkil etishda ham ayblamoqda. Ushbu hujumlar Eron bilan bog‘liq deb ko‘rilayotgan «Harakat As’hab al-Yamin al-Islomiya» guruhi bilan bog‘lanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur guruh avvalroq Buyuk Britaniya, Belgiya va Niderlandiyada yahudiy jamoalariga qarshi hujumlar va sinagogalarga o‘t qo‘yish holatlari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.

22 davlatning qo‘shma bayonoti Eron va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda e’lon qilindi. Mamlakatlar Tehrondan xorijdagi bunday harakatlarni to‘xtatishni va xalqaro huquq me’yorlariga rioya qilishni talab qilmoqda.

Qaynoq24.uz Eron Hormuz bo‘g‘ozini barcha kemalar uchun yopishini e’lon qilgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.