Donald Tramp va Binyamin Netanyaxu Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi umumiy pozitsiyasini tasdiqladi. Ikki davlat rahbarining muzokaralari seshanba kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tdi va qariyb 90 daqiqa davom etdi.
Oq uy uchrashuvni «ijobiy va samarali» deb baholadi. Isroil delegatsiyasining yuqori martabali vakili ham muzokaralarni «nihoyatda ijobiy» deya ta’rifladi.
Uning aytishicha, Tramp va Netanyaxu kun tartibidagi asosiy masalalarni, birinchi navbatda Eron bilan bog‘liq vaziyatni batafsil muhokama qilgan. Tomonlar Tehron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligini ta’minlashga qat’iy sodiq ekanini bildirgan.
Netanyaxu AQShga jo‘nab ketishidan avval Tramp bilan xavfsizlik masalalari va mintaqadagi tinchlik kelishuvlarini kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, muzokaralarning asosiy maqsadi Isroil xavfsizligini ta’minlash va mamlakat atrofidagi tinchlik hududini kengaytirishdan iborat.
Bu Tramp va Netanyaxuning AQSh hamda Isroilning Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy kampaniyasi boshlanganidan keyingi birinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ldi. So‘nggi haftalarda Vashingtonning diplomatik sa’y-harakatlari fonida jangovar harakatlar vaqtincha to‘xtagan.
Shu bilan birga, avvalroq Tramp va Netanyaxu o‘rtasida Tehronga nisbatan keyingi qadamlar yuzasidan kelishmovchiliklar paydo bo‘lgan edi. Aprel oyida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar vaqtida AQSh prezidenti Isroil bosh vazirini ochiq tanqid qilgan va keyinchalik uni «juda murakkab odam» deb atagan.
Netanyaxu esa ikki rahbar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni taktik masalalar bilan izohlab, Isroil va AQShning Eronga nisbatan strategik maqsadlari o‘zgarmaganini ta’kidlagan.
Uchrashuvda AQSh qo‘llab-quvvatlayotgan Isroil va Livan o‘rtasidagi kelishuvlarni amalga oshirish hamda G‘azo sektoridagi vaziyat ham muhokama qilingani taxmin qilinmoqda. Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush boshlanganidan qariyb uch yil o‘tganiga qaramay, G‘azodagi gumanitar vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Isroil hududga zarbalar berishda davom etmoqda, sektorni qayta tiklash ishlari esa sust ketmoqda.
Qaynoq24.uz AQSH va Saudiya Arabistoni yadroviy bitim imzolagani haqida yozgan edi.


