Yevroparlament AQSh bilan bojxona tariflari bo‘yicha kelishuvni amalga oshirish yo‘lida navbatdagi bosqichni tasdiqladi. Bu haqda DW xabar berdi.
Strasburgda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda deputatlarning katta qismi AQShdan import qilinadigan sanoat mahsulotlari uchun bojlarni bekor qilishni hamda ayrim Amerika tovarlarining Yevropa bozoriga kirishini soddalashtirishni qo‘llab-quvvatladi.
Qabul qilingan hujjatga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi AQSh tomonidan kelishuv shartlari buzilgan taqdirda savdo imtiyozlarini vaqtincha to‘xtatib qo‘yish huquqiga ega bo‘ladi. Bunday holatlardan biri sifatida Vashington tomonidan bojxona tariflarining qayta oshirilishi ko‘rsatilgan.
Yevropa Ittifoqida AQSh tomonidan ham javob choralar ko‘rilishi kutilmoqda. Xususan, Bryussel Vashingtondan joriy yil oxirigacha Yevropadan olib kiriladigan kir yuvish mashinalari hamda tarkibida po‘lat mavjud bo‘lgan boshqa mahsulotlarga import bojlarini 15 foizdan oshmaydigan darajagacha pasaytirishini kutmoqda. Agar bu amalga oshmasa, Yevropa Ittifoqi shunga o‘xshash javob tariflarini joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqadi.
AQSh sanoat mahsulotlariga nisbatan import bojlarini nol darajaga tushirish hamda Amerika dengiz mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ayrim turlariga Yevropa bozorida imtiyozli kirish imkonini berish bo‘yicha dastlabki kelishuv may oyi oxirida Yevroparlament va Yevropa Ittifoqi kengashi muzokarachilari tomonidan erishilgan edi. Avval xabar qilinganidek, Amerika sanoat mahsulotlari uchun import bojlarini bekor qilish bo‘yicha qaror 2029-yil oxirigacha amal qilishi kerak.
Mazkur kelishuv 2025-yil iyul oyida AQSh prezidenti Donald Tramp va Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen o‘rtasida erishilgan savdo bitimining bir qismi hisoblanadi. Bitim Yevropa Ittifoqidan AQShga eksport qilinadigan mahsulotlarga nisbatan Amerika bojlarining oshirilishining oldini olishga qaratilgan.
Uning doirasida Vashington Yevropa tovarlari uchun tariflarni aksariyat sohalarda 15 foiz darajasida saqlab qoladi. Po‘lat va alyuminiy yetkazib berish bundan mustasno bo‘lib, ushbu mahsulotlarga 50 foizlik boj stavkasi amal qiladi.
Qaynoq24.uz Zelenskiy Putinga G7 sammitida uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgani haqida yozgan edi.


