Xiaomi kompaniyasi yangi flagman smartfonlari taqdimot tartibini o‘zgartirishi mumkin. Xiaomi 18 Pro va Xiaomi 18 modellari bir vaqtda emas, alohida-alohida namoyish etiladi.
Avvalroq Xiaomi 18 modeli GSMA mahsulotlar bazasida paydo bo‘lgani xabar qilingandi. Bu qurilmaning mavjudligini tasdiqlaydi. Kompaniyaning flagman smartfonlarni taqdim etish odatidan kelib chiqilsa, Xiaomi 18 seriyasi joriy yil sentabr oyidayoq xaridorlarga yetib borishi mumkin.
Biroq yangi sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu safar kompaniya odatiy taqdimot tartibidan voz kechadi. Xiaomi avval yuqori texnik imkoniyatlarga ega Xiaomi 18 Pro seriyasini sentabr oyida taqdim etishi, standart Xiaomi 18 esa undan biroz keyinroq namoyish qilinishi kutilmoqda.
Manbaga ko‘ra, ikki taqdimot orasidagi tanaffus katta bo‘lmaydi. Har ikkala smartfon ham Xitoyda fevral oyiga to‘g‘ri keladigan Bahor bayramigacha sotuvga chiqishi aytilmoqda.
Bunday yondashuv Apple’ning kutilayotgan strategiyasini eslatadi. Mish-mishlarga ko‘ra, iPhone 18 Pro sentabr oyida taqdim etiladi, oddiy iPhone 18 esa keyinroq — 2027-yilda chiqarilishi mumkin. Xiaomi ham shunga o‘xshash usulni qo‘llashi taxmin qilinmoqda.
Bundan tashqari, kompaniya Apple’dan yana bir jihatni o‘zlashtirishi mumkin. Mish-mishlarga ko‘ra, Xiaomi 18 seriyasida iPhone 18 uchun kutilayotgan o‘ziga xos qizil rangdan foydalanilishi ehtimoli bor.
Yangi flagmanlar bilan bog‘liq asosiy xavotir esa narx masalasidir. Xiaomi 18 seriyasi avvalgi avlod modellariga nisbatan sezilarli darajada qimmatroq bo‘lishi mumkin. Bu faqat Xiaomi’ga xos holat emas. Ta’minot zanjiridagi xarajatlarning oshishi deyarli barcha yirik Android ishlab chiqaruvchilar narx siyosatiga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Texnik jihatdan Xiaomi 18 seriyasi Qualcomm’ning yangi Snapdragon 8 Elite Gen 6 platformasiga ega ilk smartfonlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Xiaomi 18 IMEI bazasida paydo bo‘lgani haqida yozgan edi.


