Qashqadaryo viloyatida davlat zaxirasidagi yer maydonini turar joy toifasiga o‘tkazib berishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Holat Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, fuqarolar D.A. va I.X. o‘zaro til biriktirib, fuqaro Sh.S.ning ishonchiga kirgan. Ular yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Qarshi shahri “Bunyodkor” mahallasi hududidagi davlat zaxirasida bo‘lgan 6 sotix yer maydonini turar joy toifasiga o‘tkazib berishni va’da qilgan.
Shuningdek, ular ushbu yerga egalik huquqini rasmiylashtirib berish va kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 180 mln so‘m talab qilgan. Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar kelishilgan pulning 17 ming dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik hamda 28, 211-moddasi, ya’ni pora berishga suiqasd qilish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Farg‘ona va Samarqandda kredit ajratish evaziga pul talab qilgan bank xodimlari ushlangani haqida yozgan edi.


