O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi. Bu Prezidentning 2026-yil 3-oktabrdagi PF–213-son farmonida belgilandi.
Yangi vazirlik Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida tashkil qilindi.
Ta’lim tizimi yagona vazirlikka birlashtirildi
Ta’lim va ilm-fan vazirligi ta’limning barcha asosiy bosqichlarida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi etib belgilandi.
Vazirlik maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim, kasbiy hamda oliy ta’lim sohalariga mas’ul bo‘ladi.
Shuningdek, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, qo‘shimcha hamda norasmiy ta’lim yo‘nalishlari ham yangi vazirlik vakolatiga o‘tadi.
Yangi vazirlik huquqiy voris bo‘ladi
Ta’lim va ilm-fan vazirligi tugatilayotgan ikki vazirlikning huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi.
Bu ularning amaldagi shartnomalari, jumladan, xalqaro shartnomalariga ham taalluqli. Maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’limdan keyingi bosqichgacha bo‘lgan tizim yagona vazirlik doirasida boshqariladi.
Qaynoq24.uz “Rektorlar maktabi” dasturi ishga tushirilishi haqida yozgan edi.




