O‘zbekistonda yaylov yerlaridan samarali foydalanish va chorvachilik xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralar belgilandi. Bu Prezidentning 14-oktabrdagi PQ–374-son qarorida nazarda tutilgan.
- Yaylovlar uch toifaga ajratiladi
- Har bir mol uchun yaylov maydoni belgilanadi
- Ijara to‘lovlari yaylov xo‘jaliklariga o‘tkaziladi
- Jamoat yaylovlari 49 yilga bepul beriladi
- 2028-yildan yaylovlarni sug‘urtalash boshlanadi
- Yaylovlar sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatiladi
- 4,1 ming gektar urug‘chilik maydoni tashkil etiladi
Qarorga ko‘ra, degradatsiyaga uchragan yaylovlar maydoni 2026-yil yakuniga qadar 10 foizga, 2027-yil oxirigacha esa kamida 20 foizga qisqartiriladi.
Yaylovlar uch toifaga ajratiladi
Yaylov yerlari holatiga qarab “yashil”, “sariq” va “qizil” hududlarga bo‘linadi.
“Yashil” hududlarda chorva mollarini o‘tlatishga ruxsat beriladi. “Sariq” hududlarda majburiy ravishda almashlab o‘tlatish tizimi joriy qilinadi.
“Qizil” hududlarda esa chorva mollarini o‘tlatishga kamida uch yil muddatga moratoriy e’lon qilinadi.
Har bir mol uchun yaylov maydoni belgilanadi
2027-yil 1-yanvardan boshlab bir bosh yirik va mayda shoxli mol uchun ajratiladigan yaylov maydoni me’yorlari geobotanik tahlil asosida tasdiqlanadi.
Me’yorlarni Chorvachilik agentligi hududlar kesimida belgilaydi. Bir bosh mol uchun ajratiladigan maydon besh gektardan oshmasligi kerak.
Ijara to‘lovlari yaylov xo‘jaliklariga o‘tkaziladi
2026-yil 1-oktabrdan hisoblangan yaylov yerlaridan foydalanish uchun ijara to‘lovlari to‘liq hududiy yaylov xo‘jaliklariga o‘tkaziladi.
Bu mablag‘lardan yaylovlarni saqlash, tiklash va ulardan samarali foydalanishga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Jamoat yaylovlari 49 yilga bepul beriladi
Qaror bilan jamoat yaylovlarini tashkil etish ham nazarda tutilgan.
Bunday yaylovlar xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari qarori asosida hududiy yaylov xo‘jaliklari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlariga 49 yil muddatga bepul ijaraga beriladi.
Mazkur yaylov yerlariga nisbatan soliqning nol stavkasi qo‘llanadi.
2028-yildan yaylovlarni sug‘urtalash boshlanadi
2028-yil 1-yanvardan yaylovlarni sug‘urtalash tizimi joriy qilinadi.
Sug‘urta mukofotining 50 foizini yaylovdan foydalanuvchilar, qolgan 50 foizini esa Qishloq xo‘jaligi sug‘urta jamg‘armasi respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplaydi.
Yaylovlar sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatiladi
Qashqadaryo viloyatining Nishon va G‘uzor tumanlaridagi barcha mavjud yaylovlarda sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatuv tizimi tajriba tariqasida joriy etiladi.
Tizimni 2027-yil 1-martga qadar ishga tushirish belgilangan.
4,1 ming gektar urug‘chilik maydoni tashkil etiladi
Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklari ilmiy-ishlab chiqarish markazi tomonidan 2026–2028-yillarda jami 4,1 ming gektar urug‘chilik maydonlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Mazkur chora yaylovlar uchun ozuqabop o‘simliklar bazasini kengaytirishga qaratilgan.




