Xususiy kasbiy ta’limga 500 mlrd so‘m yo‘naltiriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Jonibek Juraqulov
4 Daqiqa o‘qish

O‘zbekistonda xususiy kasbiy ta’limga 500 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Shavkat Mirziyoyev xususiy kasbiy ta’limni rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Unda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, o‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish tizimini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatda iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy kasb va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash bandlikni ta’minlash va aholi daromadlarini oshirishning muhim omili sifatida ko‘rilmoqda. Shu bois keyingi yillarda kasbiy ta’lim tizimini isloh qilish, o‘quv dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirish va xususiy ta’lim tashkilotlari imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Taqdimotda kelgusi uch yilda xalqaro standartlar asosida ochilgan o‘quv va baholash markazlari sonini hozirgi 50 tadan 200 taga yetkazish rejalashtirilayotgani qayd etildi. Shuningdek, xususiy kasbiy ta’lim bilan har yili 500 ming nafar aholini qamrab olish maqsad qilingan. Hozir bu ko‘rsatkich 45 ming nafarni tashkil etadi.

Buning uchun 300 dan ortiq o‘quv dasturi qayta ko‘rib chiqilib, xalqaro talablarga moslashtiriladi. Kamida 1 ming nafar o‘qituvchi va ta’lim ustalarining malakasi oshiriladi. Ushbu dasturlarni moliyalashtirish uchun Bandlik jamg‘armasidan 500 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda bildirilgan takliflar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, xususiy kasbiy ta’lim markazlari uchun bojxona boji va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar, imtiyozli kreditlar, xarajatlarni qoplash, tashqi infratuzilmani budjet hisobidan barpo etish, yer uchastkalari qiymatini foizsiz bo‘lib to‘lash hamda bo‘sh bino va maydonlardan foydalanish imkoniyatlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

Shu munosabat bilan xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlari uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni bojxona bojidan ozod qilish taklif etildi. Xorijiy o‘qituvchilar, mutaxassislar va ustalar uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz etib belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Imtiyozli kreditlar

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, tadbirkorlarga 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha kreditlar ajratiladi. Bino qurilishi va ta’miri, zarur uskunalarni xarid qilish uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 7 foizi qoplab beriladi.

Xorijiy mutaxassislar va malakali o‘qituvchilarni jalb qilish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi. Kasbiy malakani baholash uskunalari va dasturiy mahsulotlar xarajatlarining 30 foizi, xorijda tan olinadigan hamda milliy kasbiy malaka sertifikatlari xarajatlarining 50 foizi miqdorida kompensatsiya to‘lanadi.

Bunday imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash choralaridan foydalangan tadbirkorlar qurilgan yoki ijaraga olingan binolarning kamida 60 foizida kasbiy tayyorgarlikni tashkil etishi va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishi shart bo‘ladi.

Tadbirkorlarga sotilgan yer uchun to‘lovni 5 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash, bo‘sh turgan davlat obyektlarini kamida 5 yilga ijaraga olish va texnikumlardagi bo‘sh binolardan bepul foydalanish imkoniyati beriladi.

Xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlarini rivojlantirish uchun yil yakunigacha ularni jihozlash dasturiga 100 mln dollar jalb qilinadi. Bitiruvchilar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 5 mln dollarlik Venchur jamg‘armasi tashkil etiladi. Shu yildan boshlab har yili “kasb vaucheri” dasturi uchun 20 mlrd so‘m ajratib boriladi.

Taqdimotda xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlari uyushmasini tashkil etish, uning faoliyatini moliyalashtirish va “Ko‘nikmalar parki” ekotizimini yaratish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Soha muammolarini davlat idoralari bilan birgalikda tezkor hal qilish uchun doimiy ishlaydigan raqamli muloqot platformasini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Qaynoq24.uz madaniyat ta’limi tizimi yangilanishi haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.