Kreml Vashingtonni Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin hamda Donald Trampning Alyaskadagi sammitida erishilgan kelishuvlardan chekinishda aybladi. So‘nggi kunlarda bu haqda bir necha yuqori martabali rossiyalik rasmiylar bayonot berdi, deb yozadi Reuters.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Kremlning noroziligi Ukraina dronlarining Rossiya hududiga zarbalari ko‘paygani fonida kuchaygan. Jumladan, Moskva neftni qayta ishlash zavodiga hujumlar, shuningdek, G7 sammitida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning frontdagi vaziyat burilayotgani haqidagi bayonoti Moskvada keskin munosabatga sabab bo‘lgan.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov tomonlardan biri Alyaskada erishilgan kelishuvlarni to‘liq bajarmaganini bildirdi. Uning aytishicha, faqat bir tomon kelishuvlarga sodiq qolgan, boshqa tomon esa o‘z majburiyatlarini to‘liq bajara olmagan.
“Faqat bir tomon erishilgan kelishuvlarga sodiq qoldi, boshqa tomon esa, endi ma’lum bo‘lishicha, o‘z qismini to‘liq bajara olmadi”, — dedi Ushakov.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham Alyaskadagi muzokaralar natijalariga shubha bilan qaradi. TASS xabariga ko‘ra, u sammit Ukraina hukumatini qayta qurollantirish uchun vaqt yutish maqsadida o‘tkazilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ehtimolni tilga oldi.
“Men Alyaska ham, Yevropa harakatlari kabi, Kiyev rejimini qayta qurollantirish uchun vaqt yutish maqsadida o‘ylangan deb gumon qilishni ham istamayman. Bu haqda o‘ylashni ham xohlamayman, ammo amalda shunday bo‘lib chiqdi”, — dedi Lavrov.
Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Rossiya-Ukraina mojarosini tartibga solish bo‘yicha avval kelishilgan yondashuvlardan asta-sekin chekinmoqda. U AQShning harakatlari Vashingtonning xolis vositachi rolidan uzoqlashayotganini ko‘rsatayotganini aytdi.
“Qo‘shma Shtatlar harakatlariga qarab baho beradigan bo‘lsak, ular xolis vositachi bo‘lish da’vosidan chekinayotgandek va Rossiyaga nisbatan sanksiya bosimini kuchaytirish yo‘lidan bormoqda”, — dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri.
Moskvaning bu bayonotlari Rossiya va AQSh o‘rtasidagi diplomatik ziddiyatlar yana kuchayayotganini ko‘rsatmoqda. Kreml Alyaskadagi uchrashuv natijalari bajarilmayotganini iddao qilayotgan bo‘lsa, Vashington hozircha bu ayblovlarga javob bermagan.
Qaynoq24.uz Rossiya besh nafar britaniyalikka sanksiya kiritgani haqida yozgan edi.


