O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida Ai-92 markali avtomobil benzini narxi tarixiy maksimumga yetdi. 29-iyun kungi savdolar yakuniga ko‘ra, yoqilg‘ining bir tonnasi 13,919 mln so‘mdan sotildi.
Bu avvalgi savdolarga nisbatan 1,1 foizga yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, Ai-92 benzini uchun yangi rekord daraja hisoblanadi. Iyun oyi boshidan buyon ushbu turdagi yoqilg‘i narxi 1,473 mln so‘mga yoki qariyb 11,8 foizga oshgan.
Narxlarning asosiy o‘sishi oyning birinchi yarmida kuzatilgan. Xususan, 4-iyun kuni bir tonna Ai-92 benzini 12,476 mln so‘m bo‘lgan. 8-iyunga kelib esa narx to‘rt kun ichida 10,5 foizga ko‘tarilib, 13,788 mln so‘mga yetgan.
Keyingi ikki hafta davomida benzin narxi asosan 13,7–13,8 mln so‘m oralig‘ida saqlanib turgan. 29-iyun kuni esa narx yana oshib, tarixiy maksimumni yangiladi.
Narxlar oshishi fonida birjadagi yoqilg‘i taklifi ham qisqargan. 1-iyun kuni savdolarga 3791 tonna benzin chiqarilgan bo‘lsa, 23-iyunga kelib bu hajm deyarli ikki barobarga kamayib, 1898 tonnani tashkil etgan. 29-iyun kuni taklif 3123,2 tonnagacha tiklanganiga qaramay, narx pasaymagan.
Narxlarning keskin ko‘tarilishi Rossiyada yoqilg‘i taqchilligi kuzatilgan davrga to‘g‘ri keldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bunga Ukraina dronlari hujumlaridan keyin ayrim neftni qayta ishlash zavodlarida rejadan tashqari ta’mirlash ishlari olib borilgani sabab bo‘lgan.
Avvalroq Rossiya hukumati 1-apreldan boshlab mamlakatdan benzin eksportini taqiqlagandi. Eksportga qo‘yilgan taqiq ichki bozordagi narxlar o‘sishini sekinlashtirishi mumkinligi, biroq ularning keskin pasayishiga olib kelmasligi qayd etilgan.
Qaynoq24.uz O‘zbekistonda 4 oyda 417,5 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgani haqida yozgan edi.


