Vivo‘ning Vivo X300e smartfoni Xitoydagi asosiy sertifikatlash jarayonlaridan o‘tdi. Bun haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
V2612A model raqamiga ega qurilma avval TENAA platformasida ko‘ringan edi, endi esa 3C sertifikatini ham oldi. Bu smartfonning yaqin vaqt ichida Xitoy bozorida taqdim etilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
3C ma’lumotlariga ko‘ra, Vivo X300e 90 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Hozircha qurilmada simsiz quvvatlash bo‘lishi yoki bo‘lmasligi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Smartfon MIIT, TENAA va 3C kabi asosiy Xitoy sertifikatlaridan o‘tgani sababli uning taqdimoti iyul yoki avgust oyida bo‘lib o‘tishi ehtimoli yuqori.
TENAA ma’lumotlariga ko‘ra, Vivo X300e 6,59 dyuymli yassi OLED-displey bilan jihozlanadi. Old tomonda 50 megapikselli selfi kamera joylashishi kutilmoqda. Orqa qismda esa uchta kamera bo‘lishi aytilmoqda: 50 megapikselli asosiy sensor, 50 megapikselli periskop telefoto kamera va 8 megapikselli ultra keng burchakli modul. Kamera tizimida Zeiss optikasi va tasvirni qayta ishlash texnologiyalari qo‘llanishi mumkin.
Dizayn jihatidan smartfon orqa panelning yuqori chap burchagiga joylashtirilgan kvadrat shakldagi kamera bloki bilan chiqishi kutilmoqda. Qurilma 7 100 mA/soat sig‘imli akkumulyator olishi, shu bilan birga qalinligi 8 mm’dan kam, vazni esa taxminan 203 gramm bo‘lishi mumkin.
Vivo X300e Snapdragon 8 Gen 5 chipi asosida ishlashi aytilmoqda. Avval smartfon nomi IMEI bazasida ham ko‘ringani sababli u faqat Xitoyda emas, global bozorda ham sotuvga chiqishi mumkin.
Qaynoq24.uz Vivo X300 Pro va Vivo X300 Ultra smartfonlari taqqoslangani haqida yozgan edi.


