Gayana sohillarida 116 nafar yo‘lovchi va 17 nafar ekipaj a’zosini olib ketayotgan MV Barima paromi ag‘darilib, suvga cho‘kdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bortdagi 133 kishidan 67 nafari qutqarilgan, o‘nlab odamlarni izlash ishlari davom etmoqda.
Qutqarilganlar orasida 41 nafar erkak, 11 nafar ayol va 15 nafar bola bor. Parom kapitani ham omon qolganlar orasida bo‘lib, keyinchalik hodisa joyiga qaytib, qidiruv-qutqaruv guruhlariga yordam bera boshlagan.
MV Barima shanba kuni soat 15:00 dan keyin Gayana poytaxti Jorjtaun shahridan Port-Kaytuma tomon yo‘lga chiqqan. Kema mamlakatning shimoli-g‘arbida, Pomirun daryosi yaqinidagi Ayron-Pant hududida ag‘darilgan. Ushbu yo‘nalish Venesuela chegarasi yaqinida joylashgan, asosan mahalliy xalqlar yashaydigan olis aholi punktlarini poytaxt bilan bog‘laydi.
Gayana jamoat ishlari vaziri Xuan Edjillning ma’lum qilishicha, mahalliy vaqt bilan soat 23:01 da kemadan falokat signali kelib tushgan. Shundan so‘ng davlat xizmatlari, qirg‘oq qo‘riqlash kuchlari, xususiy kemalar va mahalliy baliqchilar ishtirokida keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv operatsiyasi boshlangan.
Qidiruv ishlariga vertolyotlar, samolyotlar, harbiy va fuqarolik kemalari jalb qilingan. Yakshanba kuni qidiruv hududi ikki baravardan ko‘proqqa kengaytirilib, qariyb 2,6 ming kvadrat kilometr maydon qamrab olingan. Qutqaruvchilar dengizda tirik qolganlarni aniqlash uchun havodan va suvdan qidiruv olib bormoqda.
Gayana bosh vaziri Mark Fillips qutqaruvchilar parom bortida bo‘lgan barcha odamlarning taqdirini aniqlashga umid qilayotganini bildirdi. Qutqarilgan yo‘lovchilar va bedarak yo‘qolganlarning yaqinlariga yordam ko‘rsatish uchun maxsus markazlar tashkil etilgan. Bortda bo‘lganlarning ro‘yxati tibbiy tekshiruvlar va qidiruv ishlari yakunlangach e’lon qilinishi aytilmoqda.
Nimalar ma’lum
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, paromga me’yoridan ortiq yo‘lovchi yoki yuk ortilmagan. Mark Fillips kema 300 nafardan ortiq yo‘lovchini tashishga litsenziya olganini bildirgan. Xuan Edjill esa omon qolganlarning ko‘rsatmalariga asoslanib, hodisaga kuchli suv oqimi va dengiz sathining o‘zgarishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Voqeaning aniq sababi tergov yakunlari bilan ma’lum bo‘ladi.
Rasmiylarga ko‘ra, MV Barima 250 ta qutqaruv nimchasi, ikkita qattiq korpusli va oltita shishiriladigan qutqaruv vositasi bilan jihozlangan. Uzunligi qariyb 40 metr bo‘lgan kema 1939-yilda qurilgan.
Qaynoq24.uz Pokiston sohillari yaqinida yo‘qolgan yuk samolyoti qidirilayotgani haqida yozgan edi.


