Eron AQSh bilan navbatdagi muzokaralarda qatnashish bo‘yicha hali qaror qabul qilgani yo‘q. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Islomobodda bo‘lib o‘tishi mumkin bo‘lgan yangi uchrashuv yuzasidan hozircha aniq reja yo‘q. Eron tomoni bu masalani milliy manfaatlardan kelib chiqib baholaydi. Baqoiy AQShni bayonotlari va amaliy harakatlari o‘rtasida tafovut borlikda aybladi. Uning ta’kidlashicha, Vashington bir tomondan diplomatiyani qo‘llab-quvvatlayotganini bildiradi, ammo boshqa tomondan qarama-qarshi harakatlar qilmoqda.
Eron vakiliga ko‘ra, yaqinda Hormuz bo‘g‘ozi hududida yuz bergan hodisalar ishonchni yanada pasaytirgan. U AQSh tomonidan Eron savdo kemasiga hujum qilinganini sulhga zid harakat sifatida baholadi. Diplomat AQShning bunday xatti-harakatlari muzokaralarga bo‘lgan ishonchni susaytirayotganini ta’kidladi. Shu sababli Eron ehtiyotkorlik bilan qaror qabul qilishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Eron va AQSh o‘rtasidagi keskinlik fevral oyidagi voqealardan so‘ng kuchaygan. Keyinchalik tomonlar Pokiston vositachiligida sulhga kelgan edi. 8-aprel kuni erishilgan kelishuvdan so‘ng harbiy harakatlar vaqtincha to‘xtatilgan. Ammo tomonlar o‘rtasidagi ishonch hali ham past darajada qolmoqda.
Qaynoq24.uz Eron AQShni sulhni buzishda ayblagani haqida yozgan edi.

