O‘zbekistonda soliq bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi. Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, daromad yoki soliq solinadigan obyektlarni ataylab yashirish yoki kamaytirib ko‘rsatish uchun jazo og‘irlashtirildi.
Endilikda bunday qilmish ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin yana takrorlansa, jarima miqdori ancha oshiriladi. Aybdorlar BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha jarimaga tortilishi mumkin. Shuningdek, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham qo‘llanadi.
Avval bu turdagi jinoyatlar uchun ancha yengil jazo belgilangan edi. Jarima miqdori BHMning 15 baravarigacha bo‘lgan. Yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, jinoyat protsessiga ham yangilik kiritildi. Endi tadbirkorlik subyektlari uchun jamoat himoyachisi tushunchasi joriy etildi. Tadbirkorlar o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun Savdo-sanoat palatasi yoki vakillar orqali himoyachi jalb qilishi mumkin.
Bundan tashqari, Soliq kodeksiga ham muhim qo‘shimcha kiritildi. Sud qarori chiqmaguncha tergov jarayonida qo‘shimcha hisoblangan soliqlar bo‘yicha penya hisoblanmaydi. Mazkur qonun rasmiy e’lon qilinganidan keyin 3 oy o‘tib kuchga kiradi.
Qaynoq24.uz huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi kuchaytirilgani haqida yozgan edi.

