Pokiston aviatsiya rasmiylari Karachi shahri yaqinidagi Arab dengizi ustida bedarak yo‘qolgan yuk samolyotini qidirish ishlari davom etayotganini ma’lum qildi. Boeing 737 rusumli samolyot bortida besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.
Pokiston aeroportlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, samolyot Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahridan Karachiga uchayotgan bo‘lgan. U seshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 21:21 da keskin pasaya boshlagan va havo harakatini boshqarish markazi bilan aloqa uzilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, samolyot g‘oyib bo‘lishidan bir necha daqiqa oldin navigatsiya tizimida muammo yuzaga kelgani haqida xabar bergan. Parvozlarni kuzatish platformasi Flightradar24’ning dastlabki ma’lumotlarida ham bort balandligining keskin o‘zgargani, shundan so‘ng tez sur’atda pastlagani qayd etilgan.
Samolyot Karachida joylashgan xususiy K2 Airways yuk tashuvchi aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan. Kompaniya chorshanba kuni bergan bayonotida bortdagi besh ekipaj a’zosining shaxsini ma’lum qilgan va Pokiston Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi hamda boshqa davlat idoralari bilan to‘liq hamkorlik qilayotganini bildirgan.
Hozircha samolyotning qayerda ekani, halokat yuz bergan-yuz bermagani va ekipaj a’zolarining taqdiri haqida aniq ma’lumot yo‘q. Qidiruv-qutqaruv ishlari Karachi sohillari va dengiz hududida davom etmoqda.
Qaynoq24.uz Pokistonda harbiylar ketayotgan poyezd portlatilgani haqida yozgan edi.


