AQSH federal sudi Paramount Skydance va Warner Bros Discovery media kompaniyalari o‘rtasidagi 110 mlrd dollarlik birlashuv bitimini vaqtincha to‘xtatdi. Qaror Kaliforniya va Nyu-York ham kiradigan 12 ta shtat koalitsiyasi tomonidan kiritilgan da’vo ortidan qabul qilindi, deb xabar berdi BBC.
Shtatlar vakillarining fikricha, Gollivudning ikki yirik studiyasi birlashishi raqobatni cheklashi, kinoteatrlar va kabel televideniyesi operatorlariga zarar yetkazishi hamda yakunda iste’molchilar uchun narxlar oshishiga olib kelishi mumkin. Prokurorlar bitim kino tarqatish bozori va butun mamlakat bo‘ylab tomoshabinlar manfaatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.
Paramount va Warner Bros vakillari esa da’vogarlar media bozoridagi vaziyatni noto‘g‘ri baholayotganini bildirdi. Kompaniyalarga ko‘ra, birlashuv striming xizmatlari faoliyatini samaraliroq tashkil etish va tez o‘zgarayotgan media bozorida raqobatbardoshlikni oshirish imkonini beradi.
AQSH okrug sudyasi Araseli Martines-Olgin tomonlarning huquqiy dalillarini ko‘rib chiqqach, 14 kunlik vaqtinchalik taqiq joriy etdi. Ushbu muddat davomida kompaniyalarga bitimni yakunlash, aktivlarni birlashtirish yoki biznes tuzilmalarini integratsiya qilish taqiqlanadi.
Sudya qarorida shtatlar koalitsiyasi bitimning kino mahsulotlarini tarqatish bozoriga ta’siri bo‘yicha jiddiy savollarni ko‘targanini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, kompaniyalarga hozirdanoq birlashishga ruxsat berilsa, sud keyinchalik bitimni butunlay bloklagan taqdirda, birlashtirilgan aktivlarni yana ajratish nihoyatda murakkab bo‘ladi.
Qaynoq24.uz Warner Bros. Paramount’ning $60 mlrdlik taklifini rad etgani haqida yozgan edi.


