Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSh prezidenti Donald Tramp bilan 28-iyul kuni o‘tkaziladigan uchrashuvda Eron yadro dasturi ustidan uzluksiz nazoratni saqlab qolishga chaqiradi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Netanyaxuning aytishicha, Tehronning yadro quroli yaratish imkoniyati butunlay yo‘q qilinganini tasdiqlovchi yangi dalillar mavjud emas. Shu sababli Isroil rahbari Eron yadro dasturini «doimiy va uzluksiz kuzatib borish» zarurligini Trampga yetkazmoqchi.
«Bizning razvedka xizmatlarimiz AQSh razvedkasi bilan shu qadar yaqin hamkorlik qilmoqdaki, men uchrashuvga yangi ma’lumot taqdim etish uchun bormayapman. Biroq yaxshi do‘stimiz prezident Tramp bilan yuzma-yuz o‘tirib, uning qanday rejalari borligini eshitish imkoniyati muhim. Chunki ko‘p jihatdan yakuniy qaror aynan uning qo‘lida», dedi Netanyaxu Fox News telekanaliga bergan intervyusida.
Isroil bosh vaziri uchrashuvda razvedka xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlik va Eron yadro dasturiga nisbatan keyingi siyosatni muhokama qilishni rejalashtirayotganini bildirdi.
Qaynoq24.uz G‘arbiy Sohilda Isroil ko‘chmanchilari 2 masjidni yoqqani haqida yozgan edi.


