Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakatning bir necha hududida o‘rmon yong‘inlari davom etayotgani sababli 27-iyul kuni vazirliklararo inqiroz yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Fransiya va qo‘shni Ispaniyada so‘nggi yillardagi eng yirik yong‘inlardan ayrimlari yuzlab uylarni vayron qildi, o‘n minglab odamlarning evakuatsiya qilinishiga va noodatiy ob-havo hodisalariga sabab bo‘ldi.
Fransiyaning janubi-g‘arbidagi Jironda departamenti yong‘inlardan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri bo‘ldi. Chorshanba kunidan buyon bu yerda 240 ta uy yonib ketgan. Le-Porj kommunasining o‘zida qariyb 170 ta ko‘chmas mulk obyekti zarar ko‘rdi.
Yong‘inlarni o‘chirish vaqtida 84 nafar o‘t o‘chiruvchi jarohatlandi. Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga 2,5 ming o‘t o‘chiruvchi, 1,5 ming harbiy xizmatchi hamda 1,2 ming politsiyachi va jandarm jalb qilindi. Bordo yaqinidagi yong‘inlarda ikki nafar o‘t o‘chiruvchi halok bo‘lgan.
CFDT o‘t o‘chiruvchilar kasaba uyushmasi xodimlar kanserogen tutun va zararli zarrachalardan yetarli darajada himoyalanmagan holda xavfli hududlarga yuborilayotganini bildirdi. Tashkilot filtrlovchi himoya niqoblarini kengroq tarqatishga chaqirdi. Kamida to‘rt nafar o‘t o‘chiruvchi uglerod oksididan zaharlangani sababli yuqori bosimli kislorod kameralarida davolanishga muhtoj bo‘lgan.
Fransiyadagi yong‘inlar pirokumulonimbus deb ataladigan ulkan bulutni ham hosil qildi. Kuchli issiqlik va tutun ta’sirida shakllanadigan bunday bulut o‘z shamoli va chaqmoqlarini yuzaga keltirib, yangi yong‘in o‘choqlarini paydo qilishi mumkin. Ayrim hollarda bu hodisa tornadolarga ham sabab bo‘ladi. Fransiya Milliy o‘t o‘chiruvchilar federatsiyasiga ko‘ra, bunday hodisa mamlakat hududida ilgari qayd etilmagan.
Fransiya iqtisodiyot va moliya vaziri Rolan Leskyur Bordo atrofidagi yong‘inlar avvaldan iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan hududga yana bir jiddiy zarba bo‘lganini ta’kidladi.
Rasmiy Madrid qanday choralar ko‘rmoqda
Ispaniyada esa Avila shahri atrofidagi yong‘in mamlakat fuqaro muhofazasi rahbari Virjiniya Barkones tomonidan «mahluq» deb ta’riflandi. Yong‘in perimetri 280 kilometrga cho‘zilgan bo‘lib, 77 ming gektar hududni qamrab olgan.
Madrid mintaqasi, Avila, Toledo va Valensiya tarkibidagi Kastelon hududlaridan qariyb 75 ming kishi evakuatsiya qilindi. Ispaniya hukumati Madrid mintaqasi va Avila provinsiyasida favqulodda holat e’lon qildi.
Rasmiylar 27-iyul kuni yong‘inlar hali ham nazoratga olinmaganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, ob-havo sharoiti imkon bersa, avvalroq 4,5 ming kishi ko‘chirilgan oromgohni qayta ochish va ayrim hududlardagi keksa aholini uylariga qaytarish rejalashtirilgan.
Shamol Madrid yaqinidagi olovni hozircha poytaxtdan janubga qarab surmoqda. Biroq yong‘in yo‘nalishida joylashgan qishloqlardan aholini qo‘shimcha ravishda evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelmoqda. Valensiya yaqinidagi yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu Ispaniyada hozirgacha qayd etilgan yagona tinch aholi vakili o‘limi bo‘lib turibdi.
Qaynoq24.uz Janubiy Yevropadagi yong‘inlar avj olayotgani haqida yozgan edi.


